6/02/2022

Serotonin

Soat yettilar atrofida edi, adashmasam. 
Amy Winehouse "Back To Black"ni kuylayotgandi.
Birdan hammasi boshqacha bo'lib qoldi: hech nimadan afsuslanmay qo'ydim; yashayotgan hayotimdan, qilayotgan ishlarimdan, yetib kelgan manzilimdan minnatdorlik hissini tuydim; o'zim o'zimga yaxshi ko'rinib ketdim. 
Shunaqasi bo'lib turadi o'zi. Vaqti-vaqti bilan. 

Kimpodan Asanga ketayotganimda bo'lgandi bir safar. 
Koreyada qish juda og'ir va uzoq. Bahor rosa sog'intiradi. Lekin kutilmaganda, odatiy kunlarning birida, bahor kelib qolganini his qilasan. Hali hech narsa o'zgarmagan bo'ladi: atrof rangsiz, gullar ochilmagan, odamlarning yuzlari xorg'in. Lekin mashinaning oynasidan muhabbatga, umidga, xotirjamlikka to'la bahor havosi oqib kiradi. Eng ko'p yetishmaydigan havo. 
Thom Yorke "Exit music"ni aytayotgandi o'shanda.

Azizaning aytishicha, bu hissiyotlarning sababi serotonin ekan. Odam xursand bo'lgandayam, xafa bo'lgandayam, sevib qolgandayam, tushkunlikka tushgandayam, yaxshilab izlasa sababini topsa bo'larkan. "Sehr-jodu yo'q bunda. Hammasi mantiqiy: nevrologiya, psixologiya. Your happiness can be changed by you, not from some external power". 

Shunaqa fikrlash to'g'ridir, lekin shunaqa yashash zerikarli bo'lsa kerak. Hamma narsani hisob-kitob qilib, rejalashtirib, mantiqiy asoslab yashash. Menga har safar "Exit music"ni eshitganda, tarixga qaytgandek, atrofimda qandaydir mo'jiza sodir bo'layotgandek yashash ko'proq yoqadi. 

"Boshqalar ham bahor juda yaqinligini sezdimikin?" deb o'ylash ham.