5/20/2014

“Tonight”

Har bir yigit kishi sevgan va sevilmagan
Bu juda ogʻriqli tuygʻu, senga aytsam.
Sen sevasan - u sevmaydi
Keyin mahzun qoʻshiqlar eshitib yuraverasan...

/Oʻtkir Adxamov/

Litseyga endi kirgan edim. Birinchi kurs - hali yoshman.
U boʻlsa, juda chiroyli edi. Sheʻr yozardi…

Xuddi hind kinolaridagidek... birinchi ko
ʻrishdayoq... Boshqa yoʻlim ham yoʻq edi.

Kichkinaligimda qizlar bilan oʻynamaganman-ku, ularning psixologiyasini bilmayman. Pok sevgimni darrov oshkor qildim-qo
ʻydim:

Uning 
she’r yozadigan bitta qalin daftari bor edi. Har doim oʻzi bilan olib yurardi. Kimdir sheʻrlarini oʻqimoqchi boʻlsa, berib turardi. 

Qisqasi, oʻsha daftarini oʻgʻirladim.

Soddaman…

Keyin…choʻzib oʻtiramanmi, deb, bitta 12 varaqli daftarni oldim-da, hamma gapni shartta-shartta yozdim. “Shunaqa-shunaqa ...” dedim.

Tanaffus payti. Koridorda hech kim yoʻq. Bir oʻzi kelayotgan edi. Daftarini qaytarib berdim. Yoʻqotib qoʻydim, deb siqilib yurgan ekan. Rosa xursand boldi. Rahmatlar aytdi.

Keyin “Mana buni ham oʻqing” deb, haligi 12 varaqli daftarni uzatdim. Xayron boʻlib oldi. Hammasini qoyillatdim, deb sekin quyonning rasmini chizayotgan edim, ortimdan yetib keldi. “Ov, sen, meni kim deb o
ʻylayapsan? Soʻtak!” (yoki shunga oʻxshash biror soʻz. Ijobiy boʻyoqdor soʻz emasligi esimda. Anigʻini eslolmayman. Oʻshanda qulogʻim yaxshi eshitadigan, miyam quloq eshitayotgan gaplarni qabul qilib oladigan sharoitda emasdi. Oʻzimga kelganimda 12 varaqli daftar qoʻlimda ikkiga boʻlingan holda turardi)

Suvga tushgan mushukka oʻxshab, yuvosh boʻlib qoldim. "Самооценка"m tushib ketdi.

Lekin yomon jahlim chiqdi. “Qarab tur. Senga hali kim soʻtakligini koʻrsatib qoʻyaman”.

U birinchi kursda ona tili adabiyot fanidan litsey olimpiadasida birinchi oʻrinni olgan edi. Men matematikadan. Oʻylab-oʻylab, qasos olish yo
ʻlini topdim: uni olimpiada chempionligidan mahrum qilaman!
Shu bilan matematikani tashlab, ona tili va adabiyotni oʻqiy boshladim. Insho yozdim, badiiy asarlar oʻqidim, sheʻrlar yodladim - ancha mehnat qildim.

Kelasi yili, undan keyingi yil ham atayin ona tili fanidan olimpiadada qatnashdim. Yomon boʻlmadi. Yutdim. Respublika bosqichigacha bordim. (uyogʻiga kuchim yetmadi)

Muhimi: u yengildi - men yengdim.

Litseyni bitirib ketayotgan paytimiz gaplashib qoldik. “Siz matematik edingiz-ku, nimaga ona tilidan olimpiadaga qatnashdingiz?” deb soʻradi.

“Raqobat ham kerak-da” dedim.
U esa …“Ayash ham kerak-da” dedi.

Shu-shu Reamonning “Tonight”ini eshitib yuribman.