11/06/2015

Og'riq

Menda shunaqasi bo'lib turadi: hamma ishlar joyida, bundan yaxshisi bo'lmaydigan darajada a'lo. Lekin nimadir yetishmaydi. Bir narsa kamday tuyulaveradi. Qilishim kerak bo'lgan hamma ishni qilaman-u, baribir o'zimdan qoniqmayman. 

Nonushta - Dars - Tushlik - Ish - Kechki ovqat - Uyqu - Nonushta - Dars - Tushlik - Ish - Kechki ovqat - Uyqu...
Hayotim shundan iborat bo'lib qoldi.

"Sug'ur kuni"dagiday.
Turg'un suvda qolib ketgan qayiqday. 

Yashamayotgandayman.

Kun bo'yi tinimsiz harakatdaman, lekin hech nima qilganim yo'qday. Boradigan manzilimni yo'qotib qo'ydimmi?

Hayotimning oxirgi bir necha haftasi qirqib tashlansa, hech narsa o'zgarmaydi. 

Yo'q, bunday yashab bo'lmaydi. Hamma narsa o'z o'rnida bo'lmasligi kerak. Bu juda yomon. Aqldan ozib qolish mumkin. Hech nimani his qilmay qo'yish mumkin. 
Qandaydir og'riq azob berib turishi kerak. 

Men o'sha og'riqni topolmayapman.