3/29/2015

“Прощание славянки”

2002-yil 9-may.

Bulungʻurda parad. Men Marlen bilan orkestrning birinchi qatorida ketyapman. Mening qoʻlimda alt – unikida klarnet. Ortimizdan orkestrning biz qatori boshqa a’zolari, kiyimlarini eski medallar bilan bezab olgan yuzlab urush faxriylari va ushbu gʻaroyib tomoshaga yigʻilgan boshqa mehmonlar kelishmoqda. Oʻzimiz oʻqiydigan bolalar musiqa maktabi yonida boshlangan marshimiz “Прощание славянки”, “Катюша” “День победы” kuylari bilan Xotira maydonida yakuniga yetadi. Ortimga qarab bobom tengi urush faxriylarining qoʻllarida hoʻl boʻlgan roʻmolchalarni koʻraman. Musiqa oʻqituvchimiz yonimizga kelib “Rahmat, bolalarim” deydi.

Alt
Alt
Izoh: Alt musiqa faqat ritm beradi va orkestrning oxirgi qatorlariga joylashtiriladi. Lekin mening yoshim va boʻyim eng kichkina boʻlganligim uchun birinchi qatorga oʻtkazishgan edi.


2006-yil. Mayning oxirlari.

Oltida tugaydigan darsimiz yana ikki soat choʻzilib ketdi. Bir necha kundan keyin yillik hisobot konsertimiz bor. Shu bilan musiqa maktabini bitirib ketamiz va keyin bu yerga qaytamizmi-yoʻqmi… (Oʻqituvchimizga ham qiyin. U Bulungʻurdagi mana shu orkestr yoʻq boʻlib ketmasligi uchun boshqa tumandan qatnab dars beradi. Besh yillik musiqa maktabini har yili koʻp oʻquvchilar bitirib ketishadi. Yangi qoʻshiladigan bolalarga esa hammasini yana boshidan oʻrgatish kerak) Xullas, dars tugagach, u biz uchun olib kelgan audiokassetalarni qoʻyib eshittiradi. Birinchi marta Luiz Armstrong, Benny Gudman, Nik La Rokkalarni eshitamiz. Shunda shoʻxroq bolalardan bittasi: “Ustoz, bizning ham uyimiz bor, ketaylik. Qoʻying, bu bolalardan baribir musiqachi chiqmaydi: hammasi pulga qiziqadi” deydi. Kulamiz.
– “Musiqachi boʻlishlaring shart emas. Yaxshi odam boʻlinglar, shu yetarli”.
Uyga qaytayotganimizda Marlenning past ovozda “Я всё равно стану музыкантом” deganini eshitaman.

2014-yil 9-may.

Qandaydir tashvish bilan yana Bulungʻurdaman. Parad esimga tushib koʻchaga shoshaman. Oʻsha joni bor musiqani eshitgim, orkestr safida  hayajonlanib ketayotgan bolalarni, ularning yonida musiqadan, qilgan mehnatlari natijasidan zavqlanib ketayotgan oʻqituvchimni koʻrgim keladi. Lekin koʻcha boʻm-boʻsh...

Musiqa maktabidagi sinfdoshimnikiga boraman. Oʻsha yaxshi kunlarni eslaymiz. U Marlen Ukrainaning “Golos”ida finalga chiqqanini aytib beradi. Zoʻr yangilik! Lekin shunday katta yangilikdan bexabar qolganim, uning ustiga, juda ahamiyatsiz xabarlarni ham yoritayotgan axborot saytlarimiz Marlen Karimov haqida umuman ma’lumot bermagani hayratimni oshiradi. Oʻzbekistonda tugʻilgan va shu yerda musiqadan ilk ta'limlarini olgan vatandoshimizning yutugʻi haqidagi ma’lumot qolganlarga ham qiziq emasmi degan fikr hayolimga keladi.
Keyin ikki yil oldin musiqa oʻqituvchimiz vafot etganini eshitaman. Aytishicha, dafn marosimiga yana yangidan tuzilgan orkestrning bolalari ham boribdi va ularga musiqa chalishni oʻrgatgan ustozlarining xotirasi uchun “Прощание славянки”ni chalib berishibdi. Lekin bolalarning tomogʻiga tiqilgan yigʻi sababli kuy ikki marta uzilib qolibdi.

Shu-shu oʻylash uchun vaqt topganimda insonlar umrlarini shunaqa mazmunli oʻtkazishlari mumkinligi esimga keladi...