1/29/2015

Universitetimizning sport zalida futbol oʻynaymiz. Hech boʻlmaganda, haftasiga bir marta. Universitetda eng yaxshi koʻrgan ikkita mashgʻulotimdan bittasi – shu.

Qoidalar:
* Yetti daqiqa yoki ikkita golgacha oʻyin;
* Yutqazdingmi, keyingi navbating kelishini kutib o’tiraver.

Bugun ham oʻynadik. Jami beshta jamoa tuzildi. Bizning jamoaga bitta oʻyinchi yetishmadi va darvozaga kichik kurslardan yangi oʻyinchi oldik. Yangi darvozabonimizni futbol oʻynab yuradigan bolalarga oʻxshatmadim. U koʻproq hamma fanlardan konspekt yozib yuradigan "koʻzoynaklilar"ga oʻxshab ketdi.

Gap shundaki, oʻyinning eng qizigan paytida shu yigitchaning bir “hunar”i uchun yutqazib qoʻydik. U darvozaning deyarli markazi tomon oʻrtacha tezlikda kelayotgan toʻpni oʻtkazib yubordi. Oʻsha toʻpni zaldagi istalgan boshqa kishi qaytara olar edi. Lekin bizning “polvon” qaytara olmadi. Hammani ketma-ket yutib turgan paytimiz bu menga juda alam qildi. Yoshim unikidan kattaligi va zalda oʻzimni juda erkin his qilganim uchun bu “kelgindi”ga qattiq baqirdim. Qolgan jamoadoshlarim ham men taraf boʻlishdi. Bechora bola miq etmadi: kiyinib, chiqib ketdi; biz yana boshqa oʻyinchi oldik.

Tunda “Atletiko Madrid vs Barselona”ni koʻrish uchun yotoqxonaning kinozaliga bordim. 43-daqiqada, Barsa 3-2ga yutayotgan payt, oʻsha bola kirib keldi. U televizorning yaqiniga borib, ekranga uzoq vaqt tikilib qoldi va keyin yonidagi kishidan hisobni soʻradi. O
ʻsha payt ustimdan muzday suv quyilganday boʻldi: u bolaning koʻzi yaxshi koʻrmas ekan-ku! Men boʻlsam, unga baqirib oʻtiribman.