5/14/2022

Seulda metroda edim. Qish. Kun sovuq. Vagonda odam gavjum emas. Qarshimda utirgan ikki yoki uch yoshli qizcha qo'lqopini yechmagan. Onasi telefonda nimalarnidir tomosha qilyapti - qizchaning ko'zlari menda. 

Kulib qaradim. Uning yuzida hech qanday ifoda yo'q. Bir-birimizga tikilib ketyapmiz. 

"High five" ko'rsatdim. Yana javob yo'q. A little awkward.😄 U xuddi muzey eksponatiga qaragandek meni o'rganib ketardi. Men ham uning sovuqdan qizarib qolgan yonoqlariga, puchuq burunchasiga, jingalak sochlariga qarab chiqdim. Uni bag'rimga bosib, "Nega ko'zlaring butun dunyo tashvishi boshiga tushgan odamnikiday o'ychan va ma'yus?" deb so'ragim keldi. Nazarimda, yer yuzida undan beg'ubor va nafisroq narsa yo'q edi. 

Yana 4-5 bekat shunaqa sukut bilan muloqot qilib ketdik. 

Keyin uning onasi qo'lidan yetaklab, metrodan tushdi. "Xayr" deyishga jurʼatim yetmadi. Vagon sekin qimirlashni boshlaganda esa, u onasining qo'lidan tortib to'xtadi va vagon oynasidan menga qo'lini silkidi. "Hammasi yaxshi bo'ladi" demoqchiday.

O'shanda nima bo'lganiga tushunmay qolgandim. Menimcha, u qizimiz bilan uchrashuvimizga bir dunyo umid berib ketgan edi...