8/01/2015

Imtihon

Bundan to'rt yil oldin xolamning qizi, amakimning o'g'li va men imtihon topshirish uchun Toshkentga yo'l olgan edik.

Amakimning o'g'li tayyorgarlik davrida biror marta 180 ball olmay turib, “Moliya”ning kirish balli 180dan past bo'lmaydigan fakultetiga hujjat topshirgani uchun uning taqdiri nima kechishi menga oldindan ayon edi. Xolamning qizi ham birgina ingliz tilidan tayyorlanib, “Jahon tillari”ga hujjat topshirishga qanday jur'at topganiga haliyam aqlim yetmaydi. Harqalay, imtihonga telefonini olib kirolmasa yoki imtihon kuni aloqa yaxshi bo'lmasa yoki telefonda testlarni ishlab berishga kelishilgan domlasi biror joyga mehmonga ketib qolsa, o'qishdan yiqilishi tayin edi. Qiyin vaziyat: yo omadi kelib o'qishga kiradi, yo eshigidan arimayotgan sovchilardan biriga rozilik berib, erga tegib ketadi. (Bechora qizlar)

Menda esa hammasi joyida: o'qishga kirishim uchun kerak bo'lgan ballni bir yil oldin ham yig'a olardim. Hujjatlarimni topshirgan universitetda byudjet uchun o'tish balli hali hech qachon 214 dan baland bo'lmagan. Demak, byudjetga yetarli imkoniyatim bor.

Imtihon kuni. Amakimning o'g'li formula daftarcha-yu, lug'atlari bilan, xolamning qizi telefoni yashirilgan zambaraksimon soch turmagi bilan imtihonlariga jo'nab ketdi.

Test savollari bir soatcha vaqtimni oldi. Qolgan vaqtda auditoriyadagilarni kuzatib o'tirdim: ko'ngli behuzur bo'lgan abiturientni tashqariga olib chiqib ketishdi. Qaytganida qo'lida telefon paydo bo'lib qolibdi. Kamerasi ovozsiz rejimga o'tkazilmagan ekan, eshitilib qoldi. Qolganlar ham shu bolaga bir qarab qo'yishdi-yu, miq etmay o'zlarining testlarini ishlashda davom etishdi. "Eh lapashanglar, haqlaringni birovga oldirib o'tiraveringlar" deb o'yladim. Halol raqobat bo'lishini juda qattiq istab yuborganim uchun o'sha abiturientni testdan chetlatishdi. Jaxli chiqqan bola menga #DonKorleoneSifat qarash qilib ketayotgan bir paytda "Qarindoshlarim ham menga o'xshagan vijdonsizlar bilan bir xonaga tushib qolmagan bo'lsin" deb niyat qilar edim. Baribir foydasi bo'lmabdi...

Uyga kelganimda “Agar byudjet 215dan oshmasa, byudjetga kirdim” deb dadamni tinchlantirgan edim. 215.1 oldim. Kontrakt. Xursand bo'lmadim. (Kontrakt pulini dadam to'lashini bilsam ham) Lekin "Yulduzni benarvon urib, O'zbekistonning eng zo'r universitetiga o'qishga kirdim, demak, vazifa uddalandi va buyog'i oson bo'ladi" deb o'yladim. Gap shundaki, amakimning o'g'li va xolamning qizi testlarga yaxshi tayyorgarlik ko'rmay, imtihondan oldin xato qilishgan bo'lsa, men imtihondan keyin ulardan ham ko'proq adashgan edim.

P.S. Aziz abiturient do'stim, ishonamanki, sen imtihonga yaxshi tayyorgarlik ko'rding va yuqori ball olib, talaba bo'lishga yaqin turibsan. Va, yana umid qilamanki, ushbu to'plagan balling talaba bo'lganingdan so'ng o'z ahamiyatini butunlay yo'qotishini va haqiqiy sinovlar oldinda ekanligini yaxshi tushunasan. Hammasi endi boshlanadi.