6/02/2022

Serotonin

Soat yettilar atrofida edi, adashmasam. 
Amy Winehouse "Back To Black"ni kuylayotgandi.
Birdan hammasi boshqacha bo'lib qoldi: hech nimadan afsuslanmay qo'ydim; yashayotgan hayotimdan, qilayotgan ishlarimdan, yetib kelgan manzilimdan minnatdorlik hissini tuydim; o'zim o'zimga yaxshi ko'rinib ketdim. 
Shunaqasi bo'lib turadi o'zi. Vaqti-vaqti bilan. 

Kimpodan Asanga ketayotganimda bo'lgandi bir safar. 
Koreyada qish juda og'ir va uzoq. Bahor rosa sog'intiradi. Lekin kutilmaganda, odatiy kunlarning birida, bahor kelib qolganini his qilasan. Hali hech narsa o'zgarmagan bo'ladi: atrof rangsiz, gullar ochilmagan, odamlarning yuzlari xorg'in. Lekin mashinaning oynasidan muhabbatga, umidga, xotirjamlikka to'la bahor havosi oqib kiradi. Eng ko'p yetishmaydigan havo. 
Thom Yorke "Exit music"ni aytayotgandi o'shanda.

Azizaning aytishicha, bu hissiyotlarning sababi serotonin ekan. Odam xursand bo'lgandayam, xafa bo'lgandayam, sevib qolgandayam, tushkunlikka tushgandayam, yaxshilab izlasa sababini topsa bo'larkan. "Sehr-jodu yo'q bunda. Hammasi mantiqiy: nevrologiya, psixologiya. Your happiness can be changed by you, not from some external power". 

Shunaqa fikrlash to'g'ridir, lekin shunaqa yashash zerikarli bo'lsa kerak. Hamma narsani hisob-kitob qilib, rejalashtirib, mantiqiy asoslab yashash. Menga har safar "Exit music"ni eshitganda, tarixga qaytgandek, atrofimda qandaydir mo'jiza sodir bo'layotgandek yashash ko'proq yoqadi. 

"Boshqalar ham bahor juda yaqinligini sezdimikin?" deb o'ylash ham. 




5/14/2022

Seulda metroda edim. Qish. Kun sovuq. Vagonda odam gavjum emas. Qarshimda utirgan ikki yoki uch yoshli qizcha qo'lqopini yechmagan. Onasi telefonda nimalarnidir tomosha qilyapti - qizchaning ko'zlari menda. 

Kulib qaradim. Uning yuzida hech qanday ifoda yo'q. Bir-birimizga tikilib ketyapmiz. 

"High five" ko'rsatdim. Yana javob yo'q. A little awkward.😄 U xuddi muzey eksponatiga qaragandek meni o'rganib ketardi. Men ham uning sovuqdan qizarib qolgan yonoqlariga, puchuq burunchasiga, jingalak sochlariga qarab chiqdim. Uni bag'rimga bosib, "Nega ko'zlaring butun dunyo tashvishi boshiga tushgan odamnikiday o'ychan va ma'yus?" deb so'ragim keldi. Nazarimda, yer yuzida undan beg'ubor va nafisroq narsa yo'q edi. 

Yana 4-5 bekat shunaqa sukut bilan muloqot qilib ketdik. 

Keyin uning onasi qo'lidan yetaklab, metrodan tushdi. "Xayr" deyishga jurʼatim yetmadi. Vagon sekin qimirlashni boshlaganda esa, u onasining qo'lidan tortib to'xtadi va vagon oynasidan menga qo'lini silkidi. "Hammasi yaxshi bo'ladi" demoqchiday.

O'shanda nima bo'lganiga tushunmay qolgandim. Menimcha, u qizimiz bilan uchrashuvimizga bir dunyo umid berib ketgan edi... 



10/01/2019

Ko'ngil ochishga biror odam qolmagan kulrang kunlarning navbatdagisidan esdalik uchun ushbuni yozmoqdaman. 

Umurtqamda paydo bo'lgan og'riq ikki haftadan beri o'tib ketgani yo'q. Bu yomon va juda yomon. Agar ish operatsiyagacha boradigan bo'lsa, hammasiga yaxshi bo'lishiga ozgina qolganida o'yinni "hard level" da davom ettirishimga to'g'ri keladi. Albatta, qilgan gunohlarimga javob berishim kerak, lekin hisob-kitob uchun eng noqulay vaqt va joyni tanlashyapti. Yuqoridagilar kelasi olti oydagi jismoniy holatimning yaqin va uzoq kelajagim uchun ahamiyatini inobatga olib, yengilroq jazo berishadi deb umid qilaman. 

Shu kunlargacha qilib kelayotgan ishlarim to'g'riligiga shubham ortgani sari oldimdagi vazifalarni bajarishga xafsala yo'qolib bormoqda. Shu g'alati davrdan o'tib olishim kerak. Hech kim yilning oxiri yengil bo'lishini kutmagandi, albatta. 

Tasavvur qil. Sening kuchukchang yoki boshqa bir uy hayvoning bor. Sog'lom va qorni to'q. Lekin sen uni qanchalik yaxshi ko'rganing bilan, u vaqtini ko'chada o'tkazishni yaxshi ko'radi-ku. Sen esa baribir uni aylantirishga olib chiqa olmaysan. Unda qanday qilib unga egalik qilyapsan? 
Odamlar bilan ham shunday emasmi?
Menimcha, Petraning gaplari to'g'ri. Men noto'g'ri yashayapman. Mayli, bu boshqa kattaroq mavzu. 

Kunning yaxshi yangiliklari esa 4 yoshli qizcha “Be who you are” deb yuribdi va sochimni olib qo'ygan opaning qo'llari aql bovar (source: google) qilmas darajada mayin ekan. 


11/06/2015

Og'riq

Menda shunaqasi bo'lib turadi: hamma ishlar joyida, bundan yaxshisi bo'lmaydigan darajada a'lo. Lekin nimadir yetishmaydi. Bir narsa kamday tuyulaveradi. Qilishim kerak bo'lgan hamma ishni qilaman-u, baribir o'zimdan qoniqmayman. 

Nonushta - Dars - Tushlik - Ish - Kechki ovqat - Uyqu - Nonushta - Dars - Tushlik - Ish - Kechki ovqat - Uyqu...
Hayotim shundan iborat bo'lib qoldi.

"Sug'ur kuni"dagiday.
Turg'un suvda qolib ketgan qayiqday. 

Yashamayotgandayman.

Kun bo'yi tinimsiz harakatdaman, lekin hech nima qilganim yo'qday. Boradigan manzilimni yo'qotib qo'ydimmi?

Hayotimning oxirgi bir necha haftasi qirqib tashlansa, hech narsa o'zgarmaydi. 

Yo'q, bunday yashab bo'lmaydi. Hamma narsa o'z o'rnida bo'lmasligi kerak. Bu juda yomon. Aqldan ozib qolish mumkin. Hech nimani his qilmay qo'yish mumkin. 
Qandaydir og'riq azob berib turishi kerak. 

Men o'sha og'riqni topolmayapman.

8/01/2015

Imtihon

Bundan to'rt yil oldin xolamning qizi, amakimning o'g'li va men imtihon topshirish uchun Toshkentga yo'l olgan edik.

Amakimning o'g'li tayyorgarlik davrida biror marta 180 ball olmay turib, “Moliya”ning kirish balli 180dan past bo'lmaydigan fakultetiga hujjat topshirgani uchun uning taqdiri nima kechishi menga oldindan ayon edi. Xolamning qizi ham birgina ingliz tilidan tayyorlanib, “Jahon tillari”ga hujjat topshirishga qanday jur'at topganiga haliyam aqlim yetmaydi. Harqalay, imtihonga telefonini olib kirolmasa yoki imtihon kuni aloqa yaxshi bo'lmasa yoki telefonda testlarni ishlab berishga kelishilgan domlasi biror joyga mehmonga ketib qolsa, o'qishdan yiqilishi tayin edi. Qiyin vaziyat: yo omadi kelib o'qishga kiradi, yo eshigidan arimayotgan sovchilardan biriga rozilik berib, erga tegib ketadi. (Bechora qizlar)

Menda esa hammasi joyida: o'qishga kirishim uchun kerak bo'lgan ballni bir yil oldin ham yig'a olardim. Hujjatlarimni topshirgan universitetda byudjet uchun o'tish balli hali hech qachon 214 dan baland bo'lmagan. Demak, byudjetga yetarli imkoniyatim bor.

Imtihon kuni. Amakimning o'g'li formula daftarcha-yu, lug'atlari bilan, xolamning qizi telefoni yashirilgan zambaraksimon soch turmagi bilan imtihonlariga jo'nab ketdi.

Test savollari bir soatcha vaqtimni oldi. Qolgan vaqtda auditoriyadagilarni kuzatib o'tirdim: ko'ngli behuzur bo'lgan abiturientni tashqariga olib chiqib ketishdi. Qaytganida qo'lida telefon paydo bo'lib qolibdi. Kamerasi ovozsiz rejimga o'tkazilmagan ekan, eshitilib qoldi. Qolganlar ham shu bolaga bir qarab qo'yishdi-yu, miq etmay o'zlarining testlarini ishlashda davom etishdi. "Eh lapashanglar, haqlaringni birovga oldirib o'tiraveringlar" deb o'yladim. Halol raqobat bo'lishini juda qattiq istab yuborganim uchun o'sha abiturientni testdan chetlatishdi. Jaxli chiqqan bola menga #DonKorleoneSifat qarash qilib ketayotgan bir paytda "Qarindoshlarim ham menga o'xshagan vijdonsizlar bilan bir xonaga tushib qolmagan bo'lsin" deb niyat qilar edim. Baribir foydasi bo'lmabdi...

Uyga kelganimda “Agar byudjet 215dan oshmasa, byudjetga kirdim” deb dadamni tinchlantirgan edim. 215.1 oldim. Kontrakt. Xursand bo'lmadim. (Kontrakt pulini dadam to'lashini bilsam ham) Lekin "Yulduzni benarvon urib, O'zbekistonning eng zo'r universitetiga o'qishga kirdim, demak, vazifa uddalandi va buyog'i oson bo'ladi" deb o'yladim. Gap shundaki, amakimning o'g'li va xolamning qizi testlarga yaxshi tayyorgarlik ko'rmay, imtihondan oldin xato qilishgan bo'lsa, men imtihondan keyin ulardan ham ko'proq adashgan edim.

P.S. Aziz abiturient do'stim, ishonamanki, sen imtihonga yaxshi tayyorgarlik ko'rding va yuqori ball olib, talaba bo'lishga yaqin turibsan. Va, yana umid qilamanki, ushbu to'plagan balling talaba bo'lganingdan so'ng o'z ahamiyatini butunlay yo'qotishini va haqiqiy sinovlar oldinda ekanligini yaxshi tushunasan. Hammasi endi boshlanadi.

6/05/2015

Vasiyat



Aziz do'stim, ushbu yozayotganlarimni o'qimoqda ekansan, ayni paytda qo'shnimning xo'rozi qichqiradigan vaqt yaqinlashib qolgan bo'lsa-da, boshimdagi og'riq uxlashga bermayotganini bilib qo'yishingni xohlayman. 

Og'riq shu darajaga yetmoqdaki, ertangi shifokor qabuligacha va indingi finalgacha yetib borishimga (mana bunisi juda alamli) ko'zim yetmayapti.


Hayotimning mana shunday qiyin daqiqalarida onam yopgan olchali kompotni qanchalik yaxshi ko'rishimni tushunib yetyapman. Hozir o'sha kompotdan bir stakan olib kelgan odamga o'nta "katta kola"ning pulini bervorardim. (Second Conditional)

Esimda, Toshkentga kelishimdan avval uyimdagilar: "Sog'lig'ingni ehtiyot qil, bolam" deb tayinlashuvdi. 

Dadam oddiygina qilib "Yozda to'ningni tashlama, qishda o'zing bilasan" degandi. Lekin qish bo'yi biror marta shapka kiyganimni eslolmayapman. 

Onam "Boshingni yuvib, ko'chaga chiqma, kasal bo'lasan" degandi. 
Men bo'lsa, fransuzlarning "Go'zallik qurbonlikni talab qiladi" degan maqoliga amal qildim.

Yoshlik qildim - sog'lig'imning qadriga yetmadim. Do'stim, sen bunday xatoga yo'l qo'yma. 

Balki hozir eng oxirgi postimni yozayotgandirman. Agar shunday bo'lsa, senga birgina vasiyat qoldirmoqchiman: hech qachon (eshityapsanmi, hech qachon!) terlab kelib, konditsionerning tagida o'tirma.



5/29/2015

Taqdirlash marosimi haqida 250 ta so'z

28-may kuni "Poytaxt" biznes markazida blogerlar chempionati gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Tanlovga daxldorlar qatorida tadbirga tashrif buyurdim. Hozir shu voqea haqida ikki ogʻiz:

Tadbirga kechikib bordim. Marosim belgilangan vaqtidan kechroq boshlandi. Ba'zilar undan ham kechroq kelishdi. (Milliy chempionat - milliy odatlar...)

Tadbir uchun tayyorlangan joy yoqdi. Keng va shinam zal. Aylana stollar atrofida o
ʻtirdik. Bizga ichimliklar, taomlar, shirinliklar berishdi. (Hammasi bepul - puli oldindan toʻlangan(smile) 

Tashkilotchilik ideal darajada bo'lishiga halaqit bergan yagona jihat boshqalar bilan fikr almashishga kam imkoniyat yaratilgani boʻldiMisol uchun, men tanishishni xohlaydigan blogerlarning koʻpchiligi boshqa stollarga oʻtirishgani uchun ular bilan suhbat qurishga deyarli sharoit boʻlmadi. Fikrimcha, bu turdagi tadbirlarda mehmonlar bir-biri bilan tanishishi, koʻproq suhbat qurishi uchun"shved stoli" afzalroq.

Tashrif buyurgan “Celebrity”lardan Baxtiyor Nasimov, Sanjar Said, Hamza Foziljonov, To
ʻlqin Yusupov, Abror Qodirov, Iroda Qodirova, Inoyat Hon, Diyor Imomxoʻjayevlarni tanidim. Lekin oʻzim "kampaniyavozlik qilgan" Aziz Qarshiyevni tanimay, ismini soʻraganim chatoq boʻldi. (Menimcha, muxlislar koʻrganda tanishi uchun ijtimoiy tarmoqlarga bir-ikkita shaxsiy rasmlarni yuklab qoʻygan ma'qul) Aziz nutq tayyorlab kelmagan ekan. Sezildi. 

Xushnudbek Xudayberdiyevning ham "tirigi"ni koʻrdim. (Armonim qolmadi) Koʻp gapirdi. Improvizatsiya: "level-99". Harqalay, "Men-komediya ustasiman" deb kerilib yurganlarga yaxshigina "master-class" oʻtib qoʻydi. Qoyilman. (Qarsaklar)

Tadbir oxirlarida menga kichkina sovgʻa berishdi. ("Наушники") Inoyat Hon opaning aytishlaricha, blogerlar chempionati uchun Amerikada faqat ikki nusxada maxsus tayyorlangan ekan. (smile) 4 000 000 yutganday boʻldim.

Afsuski, tadbirdan erta ketishimga toʻgʻri keldi. Shuning uchun kelganlar bilan rasmga tusholmadim va, tabiiyki, tusholmagan rasmlarimni blogga qoʻyolmayapman. (Afsus) 

Umuman olganda esa, juda qiziqarli, fayzli, haroratli uchrashuv boʻldi. (Yana koʻp-koʻp boʻlib tursin) Menga yoqdi. Rahmat.

5/16/2015

“Kampaniyavoz”dan: Chempionat tamom.


Blogerlar chempionatining ikkinchi mavsumi tugayapti. Ikkinchi chempionat bilan ham oʻzbek blogingni gurkirab rivojlanib ketgan boʻlmasa-da, yana koʻpchilik blog nima, blogpost nima ekanligini bilib oldi. Bu yaxshi. Yaxshi yoza olish qoʻlidan keladigan yana bir necha blogerlar kashf qilingani esa – tanlovning va oʻzbek blogingining yutugʻi.

Men blogerlar chempionatida yozilgan deyarli barcha postlarni oʻqib chiqqan kam sonli insonlardan biri boʻlsam kerak. Shuning uchun, tanlov qatnashchisi va faol kuzatuvchisi sifatida, blogerlar chempionati haqida o
ʻta shaxsiy fikrlarimni bildirishga ijozat bergaysiz. 

Avvalambor, tanlovda juda koʻp postlar yozilganini, oxir-oqibat ularni birma-bir oʻqib chiqish yoqimli ermakdan ogʻir mehnatga aylanganini aytishim mumkin.

Hakamlarga qanchalik ogʻir boʻlganini tushunaman. 

Va, yana oʻylaymanki, hakamlik qilishda har bir postni oʻqib chiqish majburiyatidan boʻlak aytarli qiyinchilik boʻlmadi. Chunki hakamlarga cheklanmagan huquqlar berildi:


  • Hakamlar xohlaganlaricha baho qoʻyishlari mumkin;
  • Hakamlar qoʻygan baholari uchun izoh berishga majbur emaslar; 
  • Hakamlar haqida gapirish taqiqlanadi. 
Hakamlarga qanchalik mazza ekanligini tushunaman.

Chempionat boshida imlo xatolari, mavzuning dolzarbligi kabi baholashda qoʻllaniladigan bir qator kriteriyalar haqida gapirilgan boʻlsa-da, aslida, baholashda biror umumiy mezon borligiga ishonish qiyin. Agar qandaydir tamoyil mavjud bo
ʻlganida, bitta ish bir vaqtning oʻzida ham 1 ball, ham 10 ball olishi mumkin emasdi.                                                     
                                            

Meni tashvishlantirgan ikkinchi jihat shaxsiy blogi yoʻq ishtirokchilarning kamsitilishga uchraganidir. Hakamlardan biri, Toʻlqin Yusupov, bir necha ishlarga shaxsiy blogda yozilgani uchun baland baho qoʻygan boʻlsa, ba’zi ishtirokchilarga shaxsiy blogi yoʻqligi uchun past baho qoʻydi:     
                                   
                                         
Vaholanki, tanlov reglamentining 6.2 bandida shaxsiy blogiga ega va shaxsiy blogi mavjud boʻlmagan ishtirokchilar bir xil huquqqa ega ekanligi aytilgan edi:



Chempionatdagi ishtirokimga keladigan boʻlsam, postlarga qoʻygan baholarim va yozgan izohlarim tufayli “kampaniyavoz”degan nom oldim va bu hayotimdagi eng kutilmagan + unutilmas voqealardan biri boʻldi. Har xolda “Toʻy toʻyday boʻlishi uchun” ozgina boʻlsa-da, hissam qoʻshilganidan faqat xursandman.

Koʻnglimda bir gramm kir boʻlmaganligi uchun menga berilgan ushbu ta’rifdan bir gramm xafa boʻlganim yoʻq. (Aldayotgan boʻlsam, yer yuzida yashab oʻtgan barcha blogerlarning qargʻishi ursin) Faqat men juda bosiq va mulohazali deb hisoblab kelgan odamlarning tez xulosa chiqarish va boshqalarni ayblashga chanqoqligi meni hayron qoldirdi.

Hammasi “Tuxum poʻstlogʻi ichida”dan boshlandi. Bu postni favqulodda hayajon bilan o
ʻqidim (hozirgacha shu ishni chempionatning mutlaq gʻolib posti deb hisoblayman) va bu haqida chempionat saytiga quyidagicha izoh yozdim: 


Asosiy mazmuni blogpostning eng yuqori ballga loyiqligiga qaratilgan bu izohim, tabiiyki, hakamlar sha’niga daxldor deb topildi va tezda oʻchirib tashlandi. Etiboringizga hakamlar haqida aytilgan va hali ham saytda turgan bazi izohlardan namunalar keltiraman: 




Keyin esa, birinchi bosqichda plagiat ekanligi aniqlangan (
ensiklopediyadan tayyor koʻchirib olingan) va hamma 1 ball qoʻygan ish uchun 6 ball qoʻygan Aslanovning yuqoridagi postga 7 ball qoʻyishi menga gʻalati tuyuldi: 

Iskandarbek Ikromovning plagiatligi aniqlangan blogposti

Qahramon Aslanov tomonidan Iskandarbek Ikromovga qo'yilgan baho

Va Aslanovning oʻziga xos baholash tizimi haqida tvitterda yozdim:


Ne ajabki, bu xatti-harakatlarim Aslanov tomonidan “kampaniyavozchilik” sifatida keskin tanqidga uchradi:


Keyin Xushnudbek Xudayberdiyevdan shunaqa mazmundagi tvit oʻqidim: 


Xushnudbek ushbu tvitida meni nazarda tutganligi haqidagi savolimga "Sukut - alomati rizo" usulida javob berdi.
Shu yerda kelganda Qahramon Aslanov va Xushnud Xudayberdiyevga ozgina mulohazalilik yetishmadi deb hisoblayman. Mening begʻaraz harakatlarimga "kampaniyavozchilik" tamgʻasini bosishdan oldin chuqurroq oʻylab koʻrishlari mumkin edi.

Birinchidan, “Tuxum poʻstlog
ʻi ichida”ni yozgan Aziz Qarshiyevni umuman tanimayman. Qoʻygan baholarimga keladigan boʻlsak, men yarim finaldayoq faqat finalga chiqishga loyiq deb hisoblagan ishlargagina 10 balldan qoʻydim. (Umuman yoqmagan ba’zi ishlarga esa 1 ball) Finalda ham faqat gʻolib boʻlishga loyiq deb hisoblagan ishlargagina 10 ball qoʻydim – qolganlarga 1 ball. Ozgina hisob-kitobdan xabari bor odam mening bahoim umumiy ballga chivin chaqqanchalik ta’sir koʻrsata olmasligini osongina fahmlagan boʻlardi:


Baholash huquqiga ega 266 blogerdan biri sifatida umumiy balldan 0.11% ulushga ega boʻlgan ovozim boshqalarga qanday bosim oʻtkazishini haliyam tushunolmay hayronman. "Qolgan raqiblar ballini tushirishga chiranayotganlikda" ayblashdan oldin shu oddiy arifmetika haqida o
ʻylab koʻrish kerakmidi? Undan tashqari, aniq baholash tizimiga ega boʻlmagan tanlovda oʻzim bilganimcha baholasam, nima boʻlibdi? 

Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqib, menga yetkazilgan ma’naviy zararni qoplash uchun Xushnud Xudayberdiyev va Qahramon Aslanov mendan rasman uzr so
ʻrashlarini talab qilmoqchi emasman. :-) Faqat qandaydir tanlovda kimgadir "kampaniyavozchilik" qilib yuradigan darajada ahmoq emasligimni aytib qoʻymoqchiman. 
Aslida bu chempionat gʻolibligi yutuqqa qoʻyilgan 4 000 000 soʻmdan boshqa hech narsani bildirmaydi va siqilishga arzimaydi. (IMHO)

Rahmat. Tamom.

P.s. Men ishlariga 1 ball qoʻygan blogerlar ham yuqoridagi hisob kitoblarning fahmiga borishadi va mendan xafa boʻlish uchun asos 0.11% ga teng ekanligini tushunishadi deb umid qilaman. (Yoki keyingi chempionatlarda mening ishlarimga 1 ball qoʻyib, “1-1” qilishlari mumkin)

3/29/2015

“Прощание славянки”

2002-yil 9-may.

Bulungʻurda parad. Men Marlen bilan orkestrning birinchi qatorida ketyapman. Mening qoʻlimda alt – unikida klarnet. Ortimizdan orkestrning biz qatori boshqa a’zolari, kiyimlarini eski medallar bilan bezab olgan yuzlab urush faxriylari va ushbu gʻaroyib tomoshaga yigʻilgan boshqa mehmonlar kelishmoqda. Oʻzimiz oʻqiydigan bolalar musiqa maktabi yonida boshlangan marshimiz “Прощание славянки”, “Катюша” “День победы” kuylari bilan Xotira maydonida yakuniga yetadi. Ortimga qarab bobom tengi urush faxriylarining qoʻllarida hoʻl boʻlgan roʻmolchalarni koʻraman. Musiqa oʻqituvchimiz yonimizga kelib “Rahmat, bolalarim” deydi.

Alt
Alt
Izoh: Alt musiqa faqat ritm beradi va orkestrning oxirgi qatorlariga joylashtiriladi. Lekin mening yoshim va boʻyim eng kichkina boʻlganligim uchun birinchi qatorga oʻtkazishgan edi.


2006-yil. Mayning oxirlari.

Oltida tugaydigan darsimiz yana ikki soat choʻzilib ketdi. Bir necha kundan keyin yillik hisobot konsertimiz bor. Shu bilan musiqa maktabini bitirib ketamiz va keyin bu yerga qaytamizmi-yoʻqmi… (Oʻqituvchimizga ham qiyin. U Bulungʻurdagi mana shu orkestr yoʻq boʻlib ketmasligi uchun boshqa tumandan qatnab dars beradi. Besh yillik musiqa maktabini har yili koʻp oʻquvchilar bitirib ketishadi. Yangi qoʻshiladigan bolalarga esa hammasini yana boshidan oʻrgatish kerak) Xullas, dars tugagach, u biz uchun olib kelgan audiokassetalarni qoʻyib eshittiradi. Birinchi marta Luiz Armstrong, Benny Gudman, Nik La Rokkalarni eshitamiz. Shunda shoʻxroq bolalardan bittasi: “Ustoz, bizning ham uyimiz bor, ketaylik. Qoʻying, bu bolalardan baribir musiqachi chiqmaydi: hammasi pulga qiziqadi” deydi. Kulamiz.
– “Musiqachi boʻlishlaring shart emas. Yaxshi odam boʻlinglar, shu yetarli”.
Uyga qaytayotganimizda Marlenning past ovozda “Я всё равно стану музыкантом” deganini eshitaman.

2014-yil 9-may.

Qandaydir tashvish bilan yana Bulungʻurdaman. Parad esimga tushib koʻchaga shoshaman. Oʻsha joni bor musiqani eshitgim, orkestr safida  hayajonlanib ketayotgan bolalarni, ularning yonida musiqadan, qilgan mehnatlari natijasidan zavqlanib ketayotgan oʻqituvchimni koʻrgim keladi. Lekin koʻcha boʻm-boʻsh...

Musiqa maktabidagi sinfdoshimnikiga boraman. Oʻsha yaxshi kunlarni eslaymiz. U Marlen Ukrainaning “Golos”ida finalga chiqqanini aytib beradi. Zoʻr yangilik! Lekin shunday katta yangilikdan bexabar qolganim, uning ustiga, juda ahamiyatsiz xabarlarni ham yoritayotgan axborot saytlarimiz Marlen Karimov haqida umuman ma’lumot bermagani hayratimni oshiradi. Oʻzbekistonda tugʻilgan va shu yerda musiqadan ilk ta'limlarini olgan vatandoshimizning yutugʻi haqidagi ma’lumot qolganlarga ham qiziq emasmi degan fikr hayolimga keladi.
Keyin ikki yil oldin musiqa oʻqituvchimiz vafot etganini eshitaman. Aytishicha, dafn marosimiga yana yangidan tuzilgan orkestrning bolalari ham boribdi va ularga musiqa chalishni oʻrgatgan ustozlarining xotirasi uchun “Прощание славянки”ni chalib berishibdi. Lekin bolalarning tomogʻiga tiqilgan yigʻi sababli kuy ikki marta uzilib qolibdi.

Shu-shu oʻylash uchun vaqt topganimda insonlar umrlarini shunaqa mazmunli oʻtkazishlari mumkinligi esimga keladi...



1/29/2015

Universitetimizning sport zalida futbol oʻynaymiz. Hech boʻlmaganda, haftasiga bir marta. Universitetda eng yaxshi koʻrgan ikkita mashgʻulotimdan bittasi – shu.

Qoidalar:
* Yetti daqiqa yoki ikkita golgacha oʻyin;
* Yutqazdingmi, keyingi navbating kelishini kutib o’tiraver.

Bugun ham oʻynadik. Jami beshta jamoa tuzildi. Bizning jamoaga bitta oʻyinchi yetishmadi va darvozaga kichik kurslardan yangi oʻyinchi oldik. Yangi darvozabonimizni futbol oʻynab yuradigan bolalarga oʻxshatmadim. U koʻproq hamma fanlardan konspekt yozib yuradigan "koʻzoynaklilar"ga oʻxshab ketdi.

Gap shundaki, oʻyinning eng qizigan paytida shu yigitchaning bir “hunar”i uchun yutqazib qoʻydik. U darvozaning deyarli markazi tomon oʻrtacha tezlikda kelayotgan toʻpni oʻtkazib yubordi. Oʻsha toʻpni zaldagi istalgan boshqa kishi qaytara olar edi. Lekin bizning “polvon” qaytara olmadi. Hammani ketma-ket yutib turgan paytimiz bu menga juda alam qildi. Yoshim unikidan kattaligi va zalda oʻzimni juda erkin his qilganim uchun bu “kelgindi”ga qattiq baqirdim. Qolgan jamoadoshlarim ham men taraf boʻlishdi. Bechora bola miq etmadi: kiyinib, chiqib ketdi; biz yana boshqa oʻyinchi oldik.

Tunda “Atletiko Madrid vs Barselona”ni koʻrish uchun yotoqxonaning kinozaliga bordim. 43-daqiqada, Barsa 3-2ga yutayotgan payt, oʻsha bola kirib keldi. U televizorning yaqiniga borib, ekranga uzoq vaqt tikilib qoldi va keyin yonidagi kishidan hisobni soʻradi. O
ʻsha payt ustimdan muzday suv quyilganday boʻldi: u bolaning koʻzi yaxshi koʻrmas ekan-ku! Men boʻlsam, unga baqirib oʻtiribman.